Yangiliklar (for all)
Xorazmda chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish zavodi $100 mln evaziga quriladi
Xorazm viloyatida qattiq maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, qiymati 100 mln dollar bo‘lgan korxona qurish rejalashtirilmoqda. Bu 14 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning qarorida nazarda tutilgan.
Investor sifatida Janubiy Koreyaning Green Hammer Co., Ltd. kompaniyasi ishtirok etadi. Zavod sutkasiga 800 tonna chiqindini qayta ishlay oladi va 71 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Loyiha 2026−2028 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning uchun koreyalik investor O‘zbekistonda xorijiy korxona — loyiha kompaniyasini tashkil etadi.
14 sentabr kuni Green Hammer va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi nomidan investitsiya shartnomasi imzolandi. Avvalroq, 11 sentabr kuni investor ishlab chiqarilgan elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha “O‘zenergosotish” bilan va qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish bo‘yicha Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bilan kelishuvlar tuzgan edi.
Elektr energiyasi va chiqindilar 30 yilga kafolatlanadi
Qarorga ko‘ra, loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 30 yil davomida “O‘zenergosotish” kompaniyasiga kafolatlangan tarzda sotadi. O‘z navbatida, “O‘zenergosotish” ham shu muddat davomida ushbu elektr energiyasini milliy valyutada xarid qilish majburiyatini oladi.
Chiqindilarni boshqarish agentligi ham korxonani zarur miqdordagi qattiq maishiy chiqindilar bilan 30 yil davomida kafolatli ta’minlashi kerak.
Investor qurilish davrida loyiha kompaniyasining majburiyatlari bajarilishini ta’minlash uchun 7 mln dollar miqdorida birinchi toifadagi bank kafolatini taqdim etishi kerak.
Loyiha kompaniyasi, shuningdek, elektr stansiyani yagona energiya tizimiga ulash uchun zarur bo‘lgan elektr uzatish liniyalari va boshqa infratuzilmani o‘z hisobidan quradi. Ob’ektlar foydalanishga topshirilgach, ular “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”ga topshiriladi.
Korxona chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlashga ixtisoslashgan ekopromishlenniy zonada yoki uning yonidagi hududda joylashtiriladi.
Xorazm viloyati hokimligiga bir oy ichida Urganch tumani “Yangi Urtabog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Chiqindilarni boshqarish agentligiga 15 ga yer ajratish topshirildi. Uchastka ekopromishlenniy zona yaratish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan beriladi.
Loyiha kompaniyasi va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”ga beriladigan yer uchastkalari uchun ijara haqi yer solig‘i miqdoriga tenglashtiriladi.
Barcha soliqlar va yig‘imlar to‘langach, loyiha kompaniyasi loyiha moliyalashtiruvi doirasida xorijiy banklarda hisobvaraqlar ochishi, kreditlar va valyuta mablag‘larini olishi hamda ulardan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, unga O‘zbekistondagi bank hisobvaraqlari orqali to‘lovlarni amalga oshirmasdan turib, xorijiy pudratchilar, yetkazib beruvchilar va kreditorlar xizmatlarini bevosita to‘lashga ruxsat etiladi.
Jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar uchun belgilangan tartibda kirish vizalari va ishlash ruxsatnomalari rasmiylashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi oltita chiqindi yoqish zavodidan ikkitasi 2026 yil oxirigacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, hokimiyat yana 625 mln dollarlik beshta loyihani taqdim etdi. Yangi korxonalar nafaqat chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqaradi, balki hosil bo‘ladigan kulni ham qayta ishlaydi.
Manba